Olcha

Olcha (Cerasus) — raʼnodoshlar oilasiga mansub barg toʻkuvchi daraxtlar turkumi, mevali daraxt, 150 ga yaqin turi bor. Asosan Osiyoda, shu jumladan, Oʻrta Osiyo va Kavkazda 25 ga yaqin turi o'sadi. Madaniy turlaridan oddiy olcha (C.vulgaris) keng tarqalgan. Juda qadimdan Markaziy va Janubiy Yevropada, Afrika, Sharqiy Osiyo, Shimoliy Amerikada ekiladi. Oʻzbekistonda olchaning mahaleb olchasi yoki kamxastak (C.mahaleb), qizilmevali olcha yoki chiya (toshchiya) (S. erythrocarpa Neski.) yovvoyi turlari adir va togʻ yon bagʻirlarida uchraydi. Oddiy olcha daraxtining boʻyi 6-7 metr, sovuqqa, qurgʻoqchilikka chidamli, unumdor tuproqlarda yaxshi oʻsadi va moʻl hosil beradi, 30—40 yil (baʼzan 100 yilgacha) yashaydi. Mevasi mayda, dumaloq, danakli, suvli, nordon, och qizildan toʻq qizilgacha olcha meva bandining uzunligi bilan boshqa danakli mevalardan farq qiladi. Tarkibida 7,3—14,5% qand, 0,8—2,4% organik kislotalar, 0,15—0,88% oshlovchi moddalar, C, B2, B9 vitaminlar va boshqa mavjud. Yangiligida yeyiladi, konservalar, murabbo, jem, vino, qandolat mahsulotlari tayyorlanadi. Hosildorligi 100 s/ga. Mevasi may—iyunda pishib yetiladi. Olcha danagidan, iddiz bachkisidan hamda payvandlab koʻpaytiriladi. Ekilgandan soʻng 3—4-yili hosilga kiradi, 6—7-yili yaxshi hosil beradi. Olchaga qisqa tanali qilib, siyrak pogʻonali shakl beriladi. Oʻzbekistonda olmaning Griot, Lyubskaya 15, Podbelskaya, Samarqand, Turgenevka, Qora shpanka navlari ekiladi (2003). Zararkunandalari: olcha arra-kashi, olcha uzunburuni, bitlar, olcha pashshasi va boshqa Kasalliklari: meva chirishi, klyasterosporioz, kokkomikoz, sitosporoz va boshqa[1][2][3].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]| Oziq-ovqatga oid ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. |
