Tut
Tut (Morus) — tutdoshlar oilasiga mansub daraxtlar turkumi; mevali daraxt; Oʻzbekistonda 5 turi oʻstiriladi. Oq tut (M. alba) va qora T. (M. nigra) mevasi isteʼmol qilinadi. Sershox tut (M. multicaulis), kagayama tut (M. Kagayamae) va ipak qurti tutni (M. bombycis) turlaridan, asosan, ipak qurti boqishda foydalaniladi. Tut tez oʻsadi, qurgʻoqchilik va sovuqqa chidamli. Shoxshabbasi zich, keng yumaloq, oval va piramida shaklida. Boʻyi 15— 18, baʼzilariniki 20–25 m, yoʻgʻonligi 1,5 m gacha. Katta yoshdagi baland tanali T. daraxtlaridan 20–40 kg gacha barg, 50–60 kg meva hosili olinadi. Tutning egribugri (ilonoʻt) va pastga qarab oʻsadigan (majnun tut) xillari ham bor. Daraxti 300, ayrimlari 500 yil yashaydi.
Oq tut (qarang Balxi tut) va shotut mevasi shirin, shifobaxsh, har xil vitaminlarga boy. Oʻzbekistonda tut qadimdan ekib koʻpaytiriladi. Yangiligida isteʼmol qilinadi, shinni, murabbo, mayiz, spirtli ichimlik tayyorlanadi. Bargi tut ipak qurti boqishda ishlatiladi. Tut ikki uyli oʻsimlik. Gullari bir jinsli. Tut urugʻidan, qalamchasidan, payvand va parxish qilib koʻpaytiriladi.
Qurt boqish uchun ekiladigan tut navlari barg hosili moʻl, boʻyi baland, koʻp kallakli yoki buta shaklida oʻstiriladi. Tutni novdalari kesilganda tezda yangi novda chiqaradi. Har yili qurt boqish uchun kesilganligi tufayli 60—70 yilda qarib, hosildan qoladi. Bunday tut yoshartiriladi tutning tanasi mustahkam chidamli, tut yogʻochidan bochkalar, beshiklar, novdalaridan savatlar, zambillar, kajavalar, yengil stullar yasaladi. Ipak qurti boqish uchun tut nihollari va koʻchatlarini yetishtirish, tutzorlar barpo etish — tutchilik pillachilikning muhim sohasi hisoblanadi. 1970—1991 yillarda ipakchilik uHcmumymuda ipak qurti boqishga moʻljallangan tutning 9 navi (Mankent, Pioner, SANIISH33, Surxtut, Oʻzbekiston va boshqalar) va 3 duragayi chiqarilgan va rivojlashtirish uchun davlat reyestriga kiritilgan.
Kasalliklari: bakterioz, vilt, ildiz chirishi, poʻkaklanish va boshqa
Zararkunandalari: tut odimchisi, tut parvonasi, Komstok qurti, kuzgi tunlam, tripslar, boʻrtma nematodlar, simqurtlar, oʻrgimchakkana.
| Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
| Ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
