close
Kontent qismiga oʻtish

Louis Neefs

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Louis Neefs
Umumiy maʼlumot
Tavalludi Ludwig Adèle Maria Jozef Neefs
8-avgust 1937-yil
Kelib chiqishi Belgiya
Vafoti 25-dekabr 1980-yil(1980-12-25)
(43 yoshda)
Janrlar pop
Kasbi Qoʻshiqchi
Fuqaroligi Lier, Belgiya

Louis Neefs (toʻliq ismi Ludwig Adèle Maria Jozef Neefs; 1937-yil 8-avgust — 1980-yil 25-dekabr) — belgiyalik xonanda va teleboshlovchi. U asosan 1967 va 1969-yillarda oʻtkazilgan „Eurovision-1967“ hamda „Eurovision-1969“ tanlovlaridagi ishtiroki bilan tanilgan.

Neefs Mexelen shahridagi kollejda texnik chizmachilik yoʻnalishi boʻyicha tahsil olayotgan davrida oʻquv yurti xoriga qoʻshilgan hamda gitara chalishni oʻrgangan. Dastlab uning musiqiy faoliyati havaskorlik darajasida boʻlgan, biroq 1950-yillarning oxirlariga kelib Sun Spot guruhiga aʼzo boʻlgan.

Turli chiqishlar va isteʼdodlar tanlovlaridagi ishtiroki natijasida Neefsning oʻziga xos ovozi mashhur isteʼdodlar kashfiyotchisi Jacques Kluger eʼtiborini tortgan. Kluger ilgari Bobbejaan Schoepen kabi sanʼatkorlarning ham isteʼdodini kashf etgan edi. Kluger va Schoepen Neefsni ovoz yozish kompaniyalariga tanishtirgan, natijada u 1958-yilda ilk shartnomasini imzolagan.

Neefs 1960-yilda oʻzining birinchi albomini eʼlon qilgan. Keyinchalik uning bir nechta qoʻshiqlari Flamand musiqa reytingining eng yaxshi yigirmataligidan oʻrin olgan hamda Niderlandiyada ham maʼlum darajadagi muvaffaqiyatga erishgan.

1967-yilda Neefs „Ik heb zorgen“ („Mening tashvishlarim bor“) qoʻshigʻi bilan Avstriyaning Vena shahrida 8-aprel kuni oʻtkazilgan „Eurovision-1967“ tanlovida Belgiya sharafini himoya qilish uchun tanlangan[1]. Yakunda ushbu qoʻshiq 17 ishtirokchi orasida 7-oʻrinni egallagan[2].

1969-yilda u yana Belgiya vakili sifatida tanlangan. Bu safar „Jennifer Jennings“ qoʻshigʻi bilan 29-mart kuni Ispaniyaning Madrid shahrida oʻtkazilgan „Eurovision-1969“ tanlovida ishtirok etgan[3]. Natijada Neefs 16 ishtirokchi orasida yana 7-oʻrinni qoʻlga kiritgan[4].

Neefs 1980-yil 25-dekabrda Lier shahrida sodir boʻlgan yoʻl-transport hodisasi oqibatida 43 yoshida vafot etgan. Mazkur fojiada uning rafiqasi Liliane ham hayotdan koʻz yumgan. Ularning Ludwig Neefs va Günther Neefs ismli ikki oʻgʻli boʻlgan. Günther Neefs keyinchalik Belgiyada taniqli xonanda sifatida shuhrat qozongan[5].

2007-yil 5-avgustda Neefs tavalludining 70 yilligi munosabati bilan uning tugʻilib oʻsgan shahri Gierleda xotira byusti ochilgan[6].

1998-yilda La Silla rasadxonasida Eric Elst tomonidan kashf etilgan 38018 Louisneefs asteroidi ham uning xotirasiga bagʻishlab nomlangan[7].